Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Davlatimiz rahbari energetikani taraqqiyotning yuragi deb atab, barqaror energiya ta’minoti tadbirkorlar sarmoyasi va odamlarning ertangi kunga ishonchi uchun muhimligini ta’kidladi.
O‘n yil avval sohadagi muammolarni hal qilish, eskirgan quvvatlarni yangilash va o‘sib borayotgan talabni qoplash vazifalari belgilab olingan edi. Buning uchun energetika bozori xususiy sarmoyaga ochildi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etildi. O‘tgan davrda sohaga 35 milliard dollar investitsiya kiritildi, hamkor davlatlar soni 2-3 tadan 10 tadan ortiqqa yetdi.
Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 31 foizga ko‘tarildi. “Yashil” quvvatlar 11,1 gigavattni tashkil etmoqda. Aholi jon boshiga elektr energiyasi ishlab chiqarish 28 foizga oshib, 2 ming 300 kilovatt-soatga yetdi.
Bugun umumiy qiymati 4 milliard 700 million dollarlik 6 ta yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolandi. Ular doirasida 3 ming megavatt generatsiya va 400 megavatt energiya saqlash quvvati yaratiladi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yillarda energetika loyihalarini tayyorlash va investorlar bilan ishlash bo‘yicha katta tajriba to‘planganini qayd etdi. Endi hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tiladi: har bir investitsiya yangi quvvat yaratish bilan birga ta’minot ishonchliligini oshirishi va yo‘qotishlarni kamaytirishi kerak.
2030-yilgacha 22 ming megavatt yangi quvvat yaratish maqsad qilingan. Natijada elektr energiyasi ishlab chiqarishning yillik hajmi 129 milliard kilovatt-soatdan oshadi, qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetadi.
Yaqinda imzolangan farmon bilan yoqilg‘i-energetika sohasida davlat va biznesning vazifalari aniq ajratildi. Yangi bosqichda loyihalar ochiq raqobat, shaffof qoidalar va kelishilgan shartlarning izchil bajarilishi asosida amalga oshiriladi.
Ilk bosqichda “yashil” quvvatlarni tez yaratish uchun loyihalar ko‘pincha investorlar taklif qilgan hududlarda joylashtirildi. Bu ko‘plab sarmoya jalb etish imkonini berdi. Biroq ayrim joylarda quvvatlar to‘planib, elektrni boshqa hududlarga yetkazish xarajatlari oshdi.
– Bizga alohida-alohida elektr stansiyalari emas, uzviy bog‘langan energetika tizimi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Endi qaysi hududda qanday quvvat zarurligi oldindan rejalashtirilib, tayyor loyihalar ochiq tanlovga chiqariladi.
Tanlovga qo‘yiladigan har bir loyiha bo‘yicha yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va muddati, elektrni xarid qilish hamda to‘lov shartlari avvaldan e’lon qilinadi. Barcha investorlar uchun talablar teng bo‘ladi, to‘lov intizomi va xatarlarni kamaytirish mexanizmlari mustahkamlanadi.
Yaqinda umumiy quvvati 2 ming 200 megavatt bo‘lgan 6 ta quyosh va shamol stansiyasining loyihasi ochiq tanlovga chiqariladi. Davlatimiz rahbari investorlarni ularda ishtirok etishga taklif qildi.
Birinchi marta energetika sohasining 2050-yilgacha bo‘lgan Milliy bosh rejasi ishlab chiqilib, ochiq e’lon qilinadi. Kelgusi yil 1-martgacha tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari xaritasi, 1-iyulga qadar to‘liq bosh reja taqdim etiladi.
Bu hujjatlarda qaysi hududda elektrga talab o‘sishi, qanday infratuzilma zarurligi va yangi quvvatlar qayerda samarali ishlashi ko‘rsatiladi. Shu asosda investorlar ham o‘z rejalarini uzoq muddatga tuzishi mumkin bo‘ladi.
“Yashil” energiya ishlab chiqaruvchilar uchun sertifikatlar va karbon kreditlardan qo‘shimcha daromad olish imkoniyati ham ochiladi. Ulardan keladigan manfaatni davlat va investorlar o‘rtasida adolatli taqsimlash mexanizmlari joriy etiladi. Mazkur jarayonda xalqaro ekologik majburiyatlar va amaldagi shartnomalar to‘liq hisobga olinadi.
Prezidentimiz yangi stansiyalar bilan birga elektrni iste’molchiga yetkazib beradigan tarmoqlarni ham rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Generatsiya, uzatish va energiya saqlash tizimlari o‘zaro bog‘liq holda ishlashi kerak.
Hozir Farg‘ona, Andijon va Namanganda talabning bir qismi boshqa hududlarda ishlab chiqarilgan elektr hisobidan qoplanmoqda. Yangi sanoat zonalari va yirik korxonalarning ishga tushishi tarmoqlarga yuklamani yanada oshiradi.
Sun’iy intellekt va data-markazlar elektrga talab tez o‘sayotgan yo‘nalishlardan. Ular uchun yer, tarmoqqa ulanish imkoniyati va “yashil” energiya manbai mavjud maydonlar oldindan belgilanadi.
Har bir yirik data-markazda asosiy va zaxira elektr ta’minoti, energiya saqlash hamda sovitish tizimlari birgalikda rejalashtiriladi. Sarmoyadorlardan elektr va suvdan samarali foydalanadigan yechimlar kutilmoqda.
So‘nggi besh yilda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga 2 milliard dollardan ziyod yo‘naltirildi. Navbatdagi katta vazifa tarmoqlarni yangilash va energiya saqlash tizimlarini rivojlantirishdir.
2030-yilgacha 5 ming kilometr tarmoq va 16 ta yirik podstansiya qurish, energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Loyihalarning katta qismi Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Bundan buyon ustuvorlik generatsiya, saqlash va tarmoqlarni birgalikda qamrab oladigan kompleks loyihalarga beriladi. Uzoq muddatli energiya saqlash uchun gidroakkumulyatsiya stansiyalarini qurishda ham investorlar bilan hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston energetikada ichki bozor bilan cheklanmaydi. Ozarbayjon va Qozog‘iston bilan Kaspiy orqali “yashil” energiyani Yevropaga yetkazish loyihasi amaliy bosqichga o‘tmoqda. Afg‘oniston va Janubiy Osiyo bozorlari ham istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Energiya saqlash loyihalari uchun qonunchilikda yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha 10 yillik imtiyozlar belgilangan. Ularni qo‘llashdagi turlicha talqinlarga barham berish uchun imtiyozlar akkumulyator yoki quyosh paneli joylashgan maydon bilan birga zarur podstansiya, boshqaruv binosi va yordamchi infratuzilmaga ham tegishli ekani Soliq kodeksida aniq ko‘rsatiladi.
Taqsimlash tarmoqlarida xususiy sektor ishtiroki ham kengaytiriladi. Samarqandda boshlangan yondashuvni Jizzax va Toshkent viloyatlarida davom ettirish rejalashtirilgan. Maqsad – elektr yo‘qotishlarini kamaytirish va iste’molchilarga xizmat sifatini yaxshilash.
“Eng arzon energiya – tejalgan energiya”,- dedi Prezidentimiz. Ijtimoiy soha obyektlari va suv xo‘jaligidagi nasos stansiyalarini energiya tejamkor texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishga xususiy sarmoya jalb etiladi. Investorlar tejalgan energiya va karbon kreditlar hisobidan daromad olishi mumkin bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston xalqaro energetika hamkorligiga o‘z salohiyati bilan kirib borayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda tabiiy resurslar, sanoat korxonalari, muhandislar va bilimli yoshlar bor. Sarmoya va ilg‘or texnologiyalar bilan birga bu imkoniyatlar ko‘proq qiymat yaratishi mumkin.
“O‘Z” g‘oyasining iqtisodiy mazmuni ham o‘z salohiyatimizni rivojlantirish, dunyo bilan teng hamkorlik qilish va umumiy kelajak uchun mas’uliyat olishdan iborat.
Energetika loyihalarida mis mahsulotlari, kabel, transformator, metall konstruksiyalar va qurilish materiallariga katta talab bor. Prezidentimiz mahalliy korxonalar sifat, narx va standartlar bo‘yicha raqobatlasha olishini qayd etdi.
Xitoyning “China Energy” kompaniyasi 8 ta energiya saqlash stansiyasi qurilishida qariyb 40 foiz mahalliy mahsulotlardan foydalandi. Ularning qiymati 200 million dollarga yaqin bo‘ldi. O‘tgan yili esa energetikadagi barcha investitsiya loyihalarida mahalliy tovar va xizmatlar qiymati 740 million dollarga yetdi.
Prezidentimiz ushbu ko‘rsatkichni 3-4 barobar oshirish mumkinligini ta’kidladi. Sanoat kooperatsiyasi agentligi va mahalliy uyushmalar investorlarga zarur mahsulotning sifati va hajmini aniqlab, uni yetkazib berishda korxonalar bilan ishlaydi.
Hozir yuqori kuchlanishli uskunalar, energiya saqlash tizimlarining boshqaruv modullari va shamol generatorlari butlovchi qismlari katta hajmda import qilinmoqda. Ularni mahalliylashtirish bo‘yicha 850 million dollarlik 12 ta istiqbolli loyiha tayyorlangan.
Jizzax viloyati Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasiga zarur yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida shu yerda soliq va bojxona imtiyozlariga ega maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Davlatimiz rahbari investorlarni bu loyihalarda ham hamkorlikka chaqirdi.
Neft-gaz sohasida geologiya-qidiruv ishlari, konlar samaradorligini oshirish va xomashyoni chuqur qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi.
Hozir Ozarbayjonning “SOCAR” va Buyuk Britaniyaning “British Petroleum” kompaniyalari bilan Ustyurt mintaqasidagi 6 ta investitsiya blokida qidiruv ishlari olib borilmoqda. Xorijlik hamkorlarga taklif qilish uchun boshqa hududlarda yana 128 ta blok tayyorlangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ularda 5 trillion 800 milliard kub metr gaz va 560 million tonna suyuq uglevodorod resurslari mavjud. Ushbu imkoniyatlarni o‘zlashtirishda raqobat, shaffoflik va iqtisodiy samaradorlik asosiy mezon bo‘ladi.
Prezidentimiz gazdan faqat elektr olish emas, uni chuqur qayta ishlab, ko‘proq qo‘shilgan qiymat yaratish muhimligini ta’kidladi. Qashqadaryodagi sintetik suyuq yoqilg‘i majmuasida yiliga 1,5 million tonnagacha yoqilg‘i va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Buxoro viloyatida polietilen, polipropilen va PET mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan MTO loyihasi albatta amalga oshirilishi qayd etildi. Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish ham ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari yangi texnologiyalarga tayangan, ekologik talablarga javob beradigan va iqtisodiy asoslangan loyihalar bo‘yicha investorlarning takliflarini kutayotganini bildirdi.
Mamlakatimizda 3 million 800 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi. Ilgari davlat monopoliyasida bo‘lgan mazkur ta’minot tizimiga bosqichma-bosqich bozor mexanizmlari joriy qilinmoqda.
Tadbirkorlar ishtirokidagi pilot loyiha Andijon viloyatida boshlandi. Kelasi yil suyultirilgan gaz yetkazib berish sohasini respublika bo‘ylab xususiy sektorga berish maqsad qilingan.
Prezidentimiz bu jarayonda ta’minot uzluksizligi, xavfsizlik va aholiga xizmat ko‘rsatish sifati eng muhim mezon bo‘lishini ta’kidladi.
Yangi energiya obyektlarining samarali ishlashi malakali kadrlarga bog‘liq. Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Sirdaryodagi texnikumlarni jihozlab, har yili yuzlab yoshlarni energetikaning yangi yo‘nalishlariga o‘qitishni boshlamoqda.
Prezidentimiz boshqa investorlarni ham o‘z loyihalari uchun xalqaro talablarga mos mutaxassislar tayyorlashda ishtirok etishga chaqirdi. Bunday tashabbuslar uchun investorlarga joylardagi texnikumlarni boshqaruvga berishga tayyorlik bildirildi.
Kelasi o‘quv yilidan mahalliy oliygohlarda energetika yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari oshiriladi. Dunyoning yetakchi universitetlarida o‘qish uchun har yili 50 nafar yoshga davlat granti ajratiladi.