O‘zbekiston

O‘zbekiston Mehnat kodeksiga kamsitishga qarshi normalar kiritiladi

O‘zbekiston Mehnat kodeksiga kamsitishga qarshi normalar kiritiladi
O‘zbekiston Mehnat kodeksiga kamsitishga qarshi normalar kiritiladi  / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda kamsitishning oldini olish, mehnat munosabatlarida tenglik va adolat tamoyillarini taʼminlash hamda xalqaro mehnat standartlarini milliy amaliyotga izchil joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari qoidalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali mehnat sohasidagi huquqiy baza bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.

Qonun bilan Mehnat kodeksiga “terisining rangi” hamda “siyosiy qarashlari” kabi belgilar mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish sifatida baholanadigan holatlar hisoblanishini, shuningdek, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yo‘l qo‘yilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.

Senatorlarning fikricha, Qonun mehnat sohasida barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratish, har qanday ko‘rinishdagi kamsitishlarning oldini olish hamda fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.