Oʻzbekiston elchisi Suriya Tashqi ishlar vazirligi rahbariga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Suriyadagi elchisi (qarorgohi Al-Kuvaytda) Ayubxon Yunusov mamlakat tashqi ishlar vaziri Asad Hasan ash-Shayboniga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida Suriya vaziri Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratishini alohida taʼkidladi.
So‘nggi paytlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalar faollashgani qayd etildi, siyosiy muloqotni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi. Xususan, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Suriya hukumatlararo qo‘mitasini tuzish, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini shakllantirish hamda boshqa qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Asad ash-Shayboniy O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli barcha sohalarda hamkorlikni izchil rivojlantirish muhimligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan, Suriya tomoni o‘tgan yillarda O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan yordam va ko‘makni yuksak qadrlashi qayd etildi.
Suriya tomoni ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada faollashtirishga tayyorligini maʼlum qilar ekan, O‘zbekiston tomonidan hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslarni ko‘rib chiqish hamda ularning amalga oshishiga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston–Suriya munosabatlarini siyosiy muloqot, oliy va yuqori darajadagi o‘zaro tashriflar, savdo-iqtisodiy hamkorlik singari yo‘nalishlarda hamda o‘zaro manfaatli bo‘lgan boshqa sohalarda yanada rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidladi.