“O‘zeltexsanoat” va CEEA hamkorlik memorandumini imzoladilar
“O‘zeltexsanoat” va CEEA hamkorlik memorandumini imzoladilar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov Xitoy Elektronika Korxonalari Assotsiatsiyasi (China Electronics Enterprises Association – CEEA) prezidenti Luo Tao bilan muzokara o‘tkazdi.
Xitoy Elektronika Korxonalari Assotsiatsiyasi 1983-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakat elektron axborot sanoatidagi yirik va nufuzli tarmoq birlashmalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda assotsiatsiya Xitoy bo‘ylab 10 mingdan ortiq korxona va tashkilotlarni birlashtirib, elektron komponentlar, maishiy texnika, yarimo‘tkazgichlar, kuch elektronikasi, aqlli ishlab chiqarish tizimlari hamda raqamli yechimlar yo‘nalishlarida keng hamkorlik imkoniyatlariga ega.
Uchrashuv davomida elektrotexnika va elektronika sanoatida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, Xitoyning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, investitsiya loyihalarini jalb etish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida ikki tomon o'rtasida o'zaro hamkorlik bo'yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Imzolangan memorandumga muvofiq, maishiy texnika vositalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda "physical AI" texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilish belgilandi.