"O'zbekneftgaz" va "Burintex" qo'shma burg'ulash korxonasini tashkil qiladi
"O'zbekneftgaz" va "Burintex" qo'shma burg'ulash korxonasini tashkil qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2026” ko‘rgazma va anjumani doirasida "O‘zbekneftgaz" AJ hamda "Burintex" kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat O‘zbekiston hududida neft-gaz quduqlarini burg‘ilash, kapital ta’mirlash hamda servis xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qo‘shma korxona tashkil etishni nazarda tutadi.
Hamkorlikning asosiy maqsadi — zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, burg‘ilash ishlari samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, shuningdek, mamlakat neft-gaz tarmog‘ining texnik va kadrlar salohiyatini mustahkamlashdan iborat.
Loyihani amalga oshirish doirasida yuqori texnologik servis xizmatlari ko‘lamini kengaytirish, ishlab chiqarish jarayonlarining bir qismini mahalliylashtirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
Tomonlar mazkur hamkorlik strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, sohada zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish va O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘ining barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladilar.