O‘zbekistonda xorijda ishga joylashtirish bilan bog‘liq firibgarliklar aniqlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda fuqarolarga xorijda ishga joylashtirishni vaʼda qilish bilan bog‘liq uchta firibgarlik holati aniqlandi. Tezkor tadbirlar Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan.
Barcha holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi, yaʼni firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Toshkentda muqaddam sudlangan, 1985 yilda tug‘ilgan erkak tanishlari orqali Qashqadaryo viloyatining olti nafar aholisiga Slovakiyada ishga joylashishni taklif qilgan. Buning uchun u 145 mln so‘m talab qilgan. Erkak 85 mln so‘m miqdoridagi avansni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yana bir holatda Toshkentda xorijiy davlatlarga viza rasmiylashtirish bo‘yicha maslahat xizmatlari ko‘rsatuvchi MCHJ rahbari 2002 yilda tug‘ilgan fuqaroga Germaniyada ishga joylashishda yordam berishni taklif qilgan. U viza rasmiylashtirish va ish topishda ko‘maklashish uchun 4 ming dollar olgan va ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shunga o‘xshash yana bir holat Toshkent viloyatida aniqlangan. Zangiota tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan ayol 2000 yilda tug‘ilgan Angren shahri aholisining ishonchini qozonib, unga Janubiy Koreyada ishga joylashishda ko‘maklashishni taklif qilgan. U viza rasmiylashtirish va ishga joylashishda yordam berish uchun 5900 dollar olgan va ushlangan.
Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Hodisaning holatlari qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘rganilmoqda.