O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Denov tumanida uyning buzilishiga hokimlik izoh berdi

Dilafro'z Niyazova · 10.08.2026 · 10:50 · 34 views
Denov tumanida uyning buzilishiga hokimlik izoh berdi
Denov tumanida uyning buzilishiga hokimlik izoh berdi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Surxondaryo viloyati Denov tumanida sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarida joylashgan turar joy buzib tashlandi. Majburiy ijro byurosi demontaj ishlari qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida amalga oshirilganini maʼlum qildi. Viloyat hokimligi esa fuqaroga yangi uy-joy qurib berilishini bildirdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati Majburiy ijro byurosi boshqarmasi xabar berdi.

Agentlik maʼlumotiga ko‘ra, ijro hujjati Denov tumani fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudining 2025 yil 29 dekabrdagi qarori asosida berilgan. Sud “Chuqurqishloq” mahallasidagi “G‘alaba” massivi hududida o‘zboshimchalik bilan egallangan 0,20 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarini bo‘shatish haqida qaror chiqargan.

Sud qarorida turar joy va boshqa noqonuniy qurilmalarni buzib tashlash hamda yer maydonini dastlabki holatiga keltirish ham nazarda tutilgan.

Ijro ishi 2026 yil 24 yanvarda qo‘zg‘atilgan. Majburiy ijro byurosi maʼlumotiga ko‘ra, qarzdorlar sud qarorini ijro etish zarurligi haqida belgilangan tartibda xabardor qilingan. Ijro harakatlari avval sud ajrimiga asosan vaqtincha to‘xtatilgan, keyinchalik esa qayta tiklangan.

Ijro hujjati talablari ixtiyoriy ravishda bajarilmagani sababli, 7 avgust kuni majburiy ijro harakatlari amalga oshirildi. Natijada sud qarorida ko‘rsatilgan noqonuniy qurilmalar buzib tashlandi.

Majburiy ijro byurosi uyni oldindan ogohlantirmasdan buzishga uringani haqidagi maʼlumotlarni ham rad etdi.

Shu bilan birga, Surxondaryo viloyati hokimligi vaziyat viloyat hokimining shaxsiy nazoratida ekanini maʼlum qildi. Fuqaro bilan uchrashuv o‘tkazilib, shundan so‘ng hokimlik tomonidan voqea holatlari o‘rganilgan.

Viloyat hokimligi maʼlumotiga ko‘ra, buzilgan uy fuqaroga kadastr hujjatlari asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkasiga tutash dala maydonida, fermer xo‘jaligi hududida joylashgan.

Hokimlik fuqaroning manfaatlarini taʼminlash masalasi eʼtiborsiz qolmasligini bildirdi. Xususan, unga yangi uy-joy qurib beriladi.

Uy-joy masalasini hal etish qonunchilik talablarini inobatga olgan holda hokimlik nazoratida qoladi.