Mirziyoyev biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi choralarini eʼlon qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi choralarini eʼlon qildi. Ular qatorida rivojlanishning turli bosqichlaridagi kompaniyalar uchun dasturlarni ishga tushirish va kreditlar bo‘yicha kontrkafolat mexanizmini joriy etish ham bor. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45 foizdan 63 foizga oshgan. Birinchi yarim yillikda kichik va o‘rta biznesga 76,5 trln so‘m miqdorida resurs yo‘naltirilgan.
Mamlakatda kredit xizmatlarining yagona raqamli portali ham ish boshladi. Tadbirkor bitta ariza topshiradi, shundan so‘ng banklar unga kredit ajratish uchun raqobatlashadi. Yangi faoliyat boshlayotgan tadbirkorlar uchun 5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kreditlarni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.
Prezident biznesni rivojlanish bosqichiga qarab qo‘llab-quvvatlashning yagona ekotizimi yaratilishini maʼlum qildi. Yangi tadbirkorlar uchun “Biznes-start”, ishlab chiqarishi yo‘lga qo‘yilgan kompaniyalar uchun “Biznes-lift”, keyingi o‘sish bosqichiga o‘tayotgan korxonalar uchun esa “Biznes-yuksalish” dasturlari ishga tushiriladi.
“Biznes-start” doirasida tadbirkorlarga sunʼiy intellektdan foydalangan holda loyihalar va kredit hujjatlarini tayyorlash, shuningdek, hisobot yuritish bo‘yicha taʼlim beriladi. Dasturni amalga oshirish uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi. Ishtirokchilar tayyor biznes-rejalar va 200 mln so‘mgacha bo‘lgan garovsiz kreditlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyev kichik biznes uchun to‘siqlardan biri bo‘lib qolayotgan garov taʼminoti muammosiga ham alohida to‘xtaldi. Uni hal qilish uchun kreditlashda biznesning haqiqiy qiymatini hisobga olish imkonini beruvchi kontrkafolat mexanizmini joriy etish rejalashtirilmoqda.
10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kreditlarda garov taʼminotining 30 foizini davlat, yana 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini esa banklar qoplaydi. Shu tariqa tadbirkor kredit summasining 25 foizini mustaqil ravishda garov bilan taʼminlashi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, sunʼiy intellekt asosida yaratilgan «Virtual soliq maslahatchisi» (Soliq AI) portali ham ishga tushdi. U tadbirkorlarga xarajatlar va xatolar sonini kamaytirishda yordam berishga mo‘ljallangan.
2027 yildan boshlab qurilish, mehnat munosabatlari, tashqi savdo va davlat xizmatlari sohalarida ham shunga o‘xshash sunʼiy intellekt yordamchilarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Prezident logistika va tashqi savdoni rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa choralar haqida ham maʼlumot berdi. 2027 yilda O‘zbekiston Gruziyaning Poti portida quvvati 500 ming tonna bo‘lgan logistika markazini ishga tushirish va Anakliya portida ishlarni boshlashni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, yuk avtomobillarini import qilishda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini bekor qilish, xalqaro tashuvlar uchun vagonlar taqdim etilganda esa qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasini belgilash rejalashtirilmoqda.