O'zbekistonda maqsadli ipoteka depoziti loyihasi ishga tushirildi
O'zbekistonda maqsadli ipoteka depoziti loyihasi ishga tushirildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vazirligi Maqsadli ipoteka omonatini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni ro‘yxat raqami 3874 davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur hujjat bilan subsidiya xabardornomasiga ega fuqarolar tomonidan birlamchi uy-joy bozoridan kvartira sotib olish uchun dastlabki badalni shakllantirish maqsadida tijorat banklarida maqsadli ipoteka omonati hisobvarag‘ini ochish va undan foydalanish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, talabgor subsidiya xabardornomasining amal qilish muddati davomida ipoteka omonati hisobvarag‘ini ochish uchun bankka ariza bilan murojaat qiladi.
Bank talabgorning hujjatlarini ko‘rib chiqib, 3 ish kuni ichida u bilan ipoteka omonati hisobvarag‘ini ochish bo‘yicha shartnoma imzolaydi yoki rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda xabar yuboradi.
Talabgor dastlabki badalning o‘z mablag‘i hisobidan shakllantiriladigan qismidan kam bo‘lmagan mablag‘ni ipoteka omonati hisobvarag‘ida jamg‘aradi.
Bank "subsidyplatform.mf.uz" to‘lov platformasi orqali dastlabki badal subsidiyasini ipoteka omonati hisobvarag‘iga o‘tkazib berish yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga buyurtmanoma yuboradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 5 ish kuni ichida dastlabki badal subsidiyasini bank tomonidan ko‘rsatilgan omonatchining ipoteka omonati hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.
Ipoteka omonati hisobvarag‘idagi mablag‘larga hisobvaraqqa mablag‘ kelib tushgan kunning keyingi kunidan boshlab, hisobvaraq yopilguniga qadar bozor stavkasi asosida foiz hisoblanadi.
Ipoteka krediti ajratish rad etilgan hollarda omonatchining o‘z mablag‘lari hisoblangan foizlari bilan o‘ziga, dastlabki badal subsidiyasi esa hisoblangan foizlari bilan Davlat budjetiga qaytariladi.
Ipoteka krediti ajratilgandan so‘ng bank tomonidan ipoteka omonati hisobvarag‘ida shakllangan mablag‘lar, hisoblangan foizlar va ipoteka krediti mablag‘lari kvartira sotib olish uchun qurilish-pudrat tashkilotiga o‘tkazib beriladi.
Mazkur hujjat 2026 yil 1 iyuldan kuchga kiradi.