O‘zbekistonda yanvar–iyul oylarida valyutaga talab oshdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda yuridik va jismoniy shaxslarning xorijiy valyutaga talabi 2026 yil yanvar–iyul oylarida 38,2 mlrd dollarni tashkil etib, 2025 yilning mos davridagi 32,5 mlrd dollarga nisbatan 17,7 foizga oshdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.
Umumiy talab hajmining 30 mlrd dollari yuridik shaxslar, 8,2 mlrd dollari esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Hisobot davrida xorijiy valyuta taklifining umumiy hajmi 7,2 mlrd dollarga yoki 28 foizga oshib, 33 mlrd dollarga yetdi. 2025 yilning shu davrida mazkur ko‘rsatkich 25,8 mlrd dollar bo‘lgan. Bunda aholi tijorat banklariga 14,6 mlrd dollar miqdorida valyuta sotgan, yuridik shaxslar esa 18,4 mlrd dollarlik valyuta mablag‘larini realizatsiya qilgan.
2026 yil yanvar–iyul oylarida valyuta ayirboshlash kursi AQSH dollariga nisbatan 11 910–12 320 so‘m oralig‘ida o‘zgarib turgan. Hisobot davri yakunlariga ko‘ra, milliy valyuta dollarga nisbatan taxminan 0,4 foizga mustahkamlangan.
Kursning o‘rtacha ikki tomonlama volatilligi 32 so‘m yoki 0,27 foizni tashkil etgan. 2025 yil yanvar–iyul oylarida esa bu ko‘rsatkich 28,2 so‘m yoki 0,22 foizga teng bo‘lgan.