O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Moliya

O‘zbekistonda avgust oyida 33,4 mingta eskrou bitimi rasmiylashtirildi

Dilafro'z Niyazova · 04.09.2026 · 15:10 · 35 views
O‘zbekistonda avgust oyida 33,4 mingta eskrou bitimi rasmiylashtirildi
O‘zbekistonda avgust oyida 33,4 mingta eskrou bitimi rasmiylashtirildi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil avgust oyida O‘zbekistonda eskrou hisobvaraqlari orqali ko‘chmas mulk va transport vositalarini oldi-sotdi qilish bo‘yicha 33 392 ta bitim rasmiylashtirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.

Jami bitimlarning 17 807 tasi transport vositalariga to‘g‘ri kelib, ularning ulushi 53,3 foizni tashkil etdi. 15 585 ta bitim yoki 46,7 foizi ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha amalga oshirildi. Oy yakuniga kelib yana 4346 ta bitimni rasmiylashtirish jarayoni davom etgan.

Eng yuqori faollik Toshkent shahrida qayd etildi. Bu yerda 10 487 ta bitim rasmiylashtirilib, mamlakat bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichning 31,4 foizini tashkil qildi. Farg‘ona viloyatida 3245 ta, Samarqand viloyatida 2941 ta, Andijon viloyatida esa 2395 ta bitim ro‘yxatga olindi.

O‘zbekistonda eskrou hisobvaraqlari orqali hisob-kitoblar 1 apreldan kuchga kirgan yangi nizom bilan tartibga solinadi. Ushbu hujjat notariuslar va banklar o‘rtasida maʼlumotlarni elektron almashish tartibini belgilaydi. Nizom 10 yildan oshmagan ko‘chmas mulk obyektlari, M, N, O va G toifalariga kiruvchi transport vositalari, shuningdek, maxsus avtotransport vositalariga nisbatan tatbiq etiladi. Belgilangan tartibga ko‘ra, bunday bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar faqat eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi, mablag‘lar esa shartnoma notarius tomonidan tasdiqlanganidan keyingina sotuvchiga o‘tkaziladi.

Bitimni notarial tasdiqlashdan oldin notarius avtomatlashtirilgan tizim orqali eskrou hisobvarag‘ida mablag‘ mavjudligini tekshirishi shart. Hisobvaraqda mablag‘ bo‘lmagan yoki u yopilgan taqdirda, notarius shartnomani rasmiylashtirishni rad etishi mumkin.

Agar hisob-kitoblar bir nechta sotuvchi yoki ularning vakillariga to‘lovlarni amalga oshirishni nazarda tutsa, maʼlumotlar har bir mablag‘ oluvchi bo‘yicha alohida shakllantiriladi.

Nizom ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan. Belgilangan talablarni buzganlik uchun qonunchilikka muvofiq javobgarlik nazarda tutilgan.