O‘zbekistonda 13 kg geroin tranzitiga chek qo‘yildi

O‘zbekistonda 13 kg geroin tranzitiga chek qo‘yildi

O‘zbekistonda 13 kg geroin tranzitiga chek qo‘yildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari “Olot” bojxona posti xodimlari va Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda O‘zbekiston hududi orqali yirik partiyadagi narkotik moddalarni tranzit tarzda olib o‘tishga bo‘lgan urinishning oldini oldi.

Idora maʼlumotlariga ko‘ra, 30 may kuni bojxona postida Afg‘onistondan Rossiyaga yo‘l olgan yuk avtomobili ko‘rikdan o‘tkazilgan. Tekshiruv jarayonida rentgen uskunalari yordamida 18,6 tonna qadoqlangan quritilgan o‘rik yuki orasidan shubhali joylashtirilgan buyumlar aniqlangan.

Keyingi tekshiruvlar natijasida quritilgan o‘riklar orasiga yashirilgan 13 ta karton qutidan narkotik moddalar topilgan. Sud-kriminalistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu moddalar umumiy og‘irligi qariyb 13 kilogramm bo‘lgan geroin ekani tasdiqlangan.

Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, musodara qilingan partiyaning qora bozordagi qiymati 1,5 million AQSH dollarigacha yetishi mumkin.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling