O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Pokiston Xitoy orqali tranzitni kengaytiradi

UzDaily tahririyati · 24.07.2026 · 12:15 · 27 views
O‘zbekiston va Pokiston Xitoy orqali tranzitni kengaytiradi

O‘zbekiston va Pokiston Xitoy orqali tranzitni kengaytiradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Pokiston Xitoy orqali o‘tuvchi transport yo‘nalishini ikki tomonlama tranzit savdosi tizimiga kiritish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi.

Pakistan Today nashri manbalariga tayanib xabar berishicha, tegishli o‘zgartishlarni O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosarining Pokistonga bo‘lajak tashrifi chog‘ida rasmiylashtirish rejalashtirilgan.

Nashr maʼlumotiga ko‘ra, tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha protokolni imzolash niyatida.

Hujjatda Xitoy orqali o‘tuvchi yo‘nalishni rasman ruxsat etilgan transport yo‘laklari ro‘yxatiga kiritish nazarda tutilgan. Yangi sxemaga ko‘ra, yuklar Sost quruqlik porti orqali o‘tib, G‘arbiy Xitoy hududi orqali Markaziy Osiyo davlatlariga yetkaziladi.

Pakistan Today manbasining taʼkidlashicha, transport yo‘nalishlari ro‘yxatini kengaytirishdan maqsad mintaqadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarib borayotgan sharoitda ikki mamlakat o‘rtasida yuk tashishning uzluksizligini taʼminlashdan iborat.

O‘zgartishlar kuchga kirgach, Pokiston Xitoy orqali o‘tuvchi yo‘nalishdan Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekistonga tovarlar yetkazib berish uchun foydalanishi mumkin bo‘ladi. O‘zbekiston esa Pokistonning dengiz portlariga chiqish imkoniyatini saqlab qoladi.

Nashr qayd etishicha, yaqin vaqtgacha Afg‘oniston orqali o‘tuvchi yo‘nalish eng qisqa va iqtisodiy jihatdan eng maqbul deb hisoblangan. U shuningdek O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston temir yo‘li loyihasining asosiy yo‘nalishi sifatida ham ko‘rib chiqilgan.

Biroq Islomobod va Kobul o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgach hamda 2025 yil oktyabr oyida Torxam va Chaman chegara o‘tish punktlari yopilganidan so‘ng mazkur transport yo‘lagi amalda faoliyatini to‘xtatgan.

Shundan so‘ng Pokiston Eron va Xitoy orqali muqobil yo‘nalishlarni rivojlantirishga kirishgan. Pakistan Today maʼlumotiga ko‘ra, Eron yo‘nalishidagi vaziyatning murakkablashishi ham ushbu variantning jozibadorligini pasaytirgan va Xitoy orqali o‘tuvchi yo‘nalishning mintaqaviy savdodagi ahamiyatini oshirgan.

Uzunroq masofa va ehtimoli yuqoriroq transport xarajatlariga qaramay, Xitoy orqali o‘tuvchi yo‘nalish tranzit tashuvlarini diversifikatsiya qilish va bitta yo‘nalishga qaramlikni kamaytirish imkonini beruvchi strategik muqobil sifatida baholanmoqda.

Pakistan Today maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yil yakunlariga ko‘ra Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 445,9 million AQSH dollarini tashkil etgan.

Pokiston eksporti 120,9 million dollarga, O‘zbekistondan import esa 325 million dollarga yetgan. Nashr, shuningdek, Pokiston Janubiy Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekistonning savdo hajmi bo‘yicha ikkinchi yirik hamkori ekanini qayd etgan.