O'zbekiston va Xitoy to'qimachilik sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
O'zbekiston va Xitoy to'qimachilik sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi vakillarining Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida “Shaoxing Huangxi Intelligent Group” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya tarkibida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda yirik to‘qimachilik korxonalari vakillari ham ishtirok etdi.
Tadbir davomida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Djumaniyazov Muxammadjon Baxramovich tomonidan mamlakatimiz to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati salohiyati hamda ustuvor rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnologik yangilash, xom ashyoni qayta ishlash chuqurligini oshirish va yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi. Raqamli va avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish tizimlarini joriy etish, shuningdek, eksport salohiyatini mustahkamlash va savdo bozorlarini diversifikatsiya qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar texnologiyalar transferi, tajriba almashish hamda ikki davlat korxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.