O‘zbekiston va Xitoy ilmiy-texnik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
O‘zbekiston va Xitoy ilmiy-texnik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 16-aprel kuni Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston–Xitoy Hukumatlararo ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha quyi komissiyaning 7-yig‘ilishida ishtirok etmoqda.
Xizmat safari doirasida delegatsiya a’zolari Chuntsin universiteti bilan oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Uchrashuv yakunida arxitektura va muhandislik sohalarida ilg‘or ishlanmalarni joriy etish hamda texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Seres (AITO) va Changan avtomobil zavodlarida yo‘lga qo‘yilgan innovatsion ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishib, Xitoy–O‘zbekiston qo‘shma shaharsozlik laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur tadbirlar ikki davlat o‘rtasida ilm-fan, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar sohasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda qo‘shma ilmiy-innovatsion loyihalarni kengaytirishga xizmat qiladi.