O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Migratsiya toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qayta koʻrib chiqish uchun qoʻmitaga qaytarildi

Dilafro'z Niyazova · 12.08.2026 · 14:30 · 20 views
Migratsiya toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qayta koʻrib chiqish uchun qoʻmitaga qaytarildi
Migratsiya toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qayta koʻrib chiqish uchun qoʻmitaga qaytarildi / Foto: Oliy Majlis Senati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar “Migratsiya sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga oid atama va tushunchalar barcha qonun hujjatlarida birxillashtirilmoqda. Jumladan, amaldagi bir qator kodeks va qonunlardagi “doimiy yashash joyi”, “vaqtincha turgan joyi” kabi tushunchalar tegishli tarzda “yashash joyi” va “turgan joyi” tushunchalariga almashtirilmoqda.

Shuningdek, turizm va xizmatlar sohasining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish maqsadida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehmonxonalar, motellar, turistik lagerlar, dam olish uylari va zonalari, sanatoriylar, davolash pansionatlari, davlat tasarrufidagi va xususiy klinikalar, shifoxonalar, kasalxonalarda turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning mas’uliyat va javobgarligini oshirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda.

Munozaralarda loyihadagi ayrim moddalarni qayta ishlash va maromiga yetkazish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi mas’ul qo‘mita tomonidan takomillashtiriladigan bo‘ldi.