7
O‘zbekiston

O‘zbekiston va UNICEF bolalar huquqlari va farovonligini muhofaza qilishni muhokama qildi

O‘zbekiston va UNICEF bolalar huquqlari va farovonligini muhofaza qilishni muhokama qildi
O‘zbekiston va UNICEF bolalar huquqlari va farovonligini muhofaza qilishni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan «Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari» mavzusidagi Jahon sammitida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning mintaqaviy direktori Eduar Beygbeder bilan uchrashdi.

Tomonlar bolalar huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda bolalar huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlarini mustahkamlash, ijtimoiy himoya mexanizmlarini takomillashtirish va bolalar manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Bu borada UNICEF bilan hamkorlik muhim o‘rin tutadi.

Bolalarni himoya qilish sohasidagi qonunchilik ijrosiga, jumladan, «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga alohida eʼtibor qaratildi. UNICEF ekspertlari bilan birgalikda tegishli normalarning hududlarda qo‘llanilishini o‘rganish, bolalarga ko‘rsatilayotgan yordam samaradorligini baholash va ushbu ishlar natijalari asosida amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, bolalarning qobiliyat va isteʼdodlarini ro‘yobga chiqarish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun sharoit yaratish, mutaxassislar va ota-onalarga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oila muhitida tarbiyalash imkoniyatlarini kengaytirish ham uchrashuv mavzularidan biri bo‘ldi.

UNICEF O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini qayd etayotgani taʼkidlandi.

Uchrashuv ishtirokchilari oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarga yordam berish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari va xizmatlar sifatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Bundan tashqari, ijtimoiy dasturlarni samarali amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida UNICEFning 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat dasturi doirasidagi ishlarni muvofiqlashtirish, belgilangan vazifalarni bajarish va amaliy hamkorlikni yana-da mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.