O'zbekiston va TOBB hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
O'zbekiston va TOBB hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Turkiya Savdo va birjalar ittifoqi (TOBB) hamda Turk Savdo va sanoat palatalari ittifoqi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Shahlo Ibragimova hamda Palata raisi maslahatchisi Jamil Maqsudi ishtirok etdi. Turkiya tomonidan TOBB vitse-prezidenti Selchuk O‘zturk va Turkiy davlatlar Savdo-sanoat palatalari ittifoqi bosh kotibi Adem Kula qatnashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yana-da rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shahlo Ibragimova o‘z nutqida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p asrlik do‘stlik, qardoshlik va o‘zaro ishonch tamoyillariga asoslanganini taʼkidlab, davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.
Shuningdek, muzokaralar chog‘ida TOBB huzurida faoliyat yurituvchi Tadbirkor ayollar kengashining tajribasi bilan o‘rtoqlashilib, tadbirkor ayollar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sanoat kooperatsiyasi, eksport-import operatsiyalari hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Suhbat chog‘ida mehmonlar V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yuqori saviyada tashkil etilganini alohida eʼtirof etib, ushbu tadbirdan mamnun ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ko‘p yillik samarali hamkorlik tajribasiga tayanib, kelgusida ham o‘zaro munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitish, tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.