O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida eksport imkoniyatlari kengaytirilmoqda

O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida eksport imkoniyatlari kengaytirilmoqda

O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida eksport imkoniyatlari kengaytirilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Shvetsiya Milliy savdo kengashi (Kommerskollegium) vakillari Savdo va rivojlanish departamenti direktori o‘rinbosari Sara Sandelius hamda loyiha menejeri Jenni Ikelberg bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish, xususan, mahalliy mahsulotlarni Shvetsiya va Yevropa Ittifoqi bozorlariga eksport qilish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro savdo aylanmasini oshirish va o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Muzokaralarda Shvetsiya tomoni O‘zbekistondan oziq-ovqat va tekstil mahsulotlarini import qilishga katta qiziqish bildirayotganini maʼlum qildi. Bu borada mahsulotlarning Yevropa standartlariga mosligini taʼminlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.

Shuningdek, «Open Trade Gate Sweden» dasturi doirasida hamkorlikni faollashtirish, o‘zbek eksportchilari uchun treninglar tashkil etish va Shvetsiya bozoriga kirishdagi texnik talablar bo‘yicha maslahatlar berish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy natijalarga yo‘naltirilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, eksport shartnomalarini qo‘llab-quvvatlash hamda uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling