O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qambarota GESi loyihasini muhokama qildi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston Qambarota GESi loyihasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 28–30-aprel kunlari Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari Energetika vazirliklari o‘rtasida “Qambarota GES-1” loyihasini amalga oshirishga qaratilgan hukumatlararo bitim loyihasini muhokama qilish bo‘yicha navbatdagi muzokaralar tashkil etildi.
“Qambarota GES-1” Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish va energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi yirik strategik loyihadir.
Loyiha Qirg‘iz Respublikasi hududidagi Norin darosida quvvati 1880 MVt bo‘lgan zamonaviy gidroelektr stansiyasini barpo etishni nazarda tutadi.
Uning amalga oshirilishi mintaqa davlatlarining energetika xavfsizligini yanada kuchaytirish, barqaror rivojlanishni ta’minlash va “yashil” energiya ulushini oshirishga xizmat qiladi.
Muzokaralarda ikki mamlakatning tegishli davlat organlari va tarmoq tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Jahon banki vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashdi, bu esa mazkur tashkilotning loyihadagi asosiy xalqaro moliyaviy hamkor sifatidagi muhim rolini tasdiqlaydi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hukumatlararo bitim loyihasi qoidalarini kelishish yuzasidan yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.