O‘zbekiston va Polsha ishbilarmonlik hamkorligini kuchaytirmoqda
O‘zbekiston va Polsha ishbilarmonlik hamkorligini kuchaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston elchisi Amirsaid Agzamxodjayev Polsha savdo palatasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Polsha savdo palatasi prezidenti Andjey Arendarskiy, vitse-prezident Andjey Shumovskiy hamda palata rahbarining maslahatchisi Yaroslav Podolskiy ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalardagi hamkorlikning joriy holatini ko‘rib chiqdi, shuningdek o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Polsha tomoni hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi hamda O‘zbekiston va Polsha ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, yaqinlashib kelayotgan ikki tomonlama tadbirlar, biznes uchrashuvlar va delegatsiyalar almashinuvi masalalari ham muhokama qilindi.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida hamkorlikni faollashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.