O'zbekiston va Germaniya dual ta'limni kengaytirmoqda
O'zbekiston va Germaniya dual ta'limni kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 8–13-iyun kunlari Germaniya Federativ Respublikasida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari delegatsiyasining xizmat safari doirasida ta’lim, ilm-fan va sanoat integratsiyasi, dual ta’lim tizimi hamda xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazildi.
Delegatsiya Hochschule Anhalt, Myunxen texnika universiteti, Kempten Amaliy Fanlar Universiteti, HDBW universiteti, Potsdam amaliy fanlar universiteti kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda MAN Truck & Bus SE, TESVOLT kabi yirik sanoat korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvlar davomida Germaniyaning amaliyotga yo‘naltirilgan va dual ta’lim modeli, ta’lim jarayoniga sanoat korxonalarini jalb etish mexanizmlari, talabalarni korxonalar ehtiyojlari asosida tayyorlash, akademik mobillik, ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish, startap va spin-off loyihalarni rivojlantirish hamda innovatsion ekotizimni shakllantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganildi.
Shuningdek, nemis tili tayyorgarligi, xalqaro sertifikatlash, talabalar amaliyoti va bitiruvchilarni Germaniya hamda Yevropa mehnat bozoriga integratsiya qilish masalalari yuzasidan ham samarali muzokaralar olib borildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Germaniyadagi Elchixonasida “Germaniya oliy ta’lim tizimida dual ta’lim: tajriba, ilg‘or amaliyotlar va kelajakdagi hamkorlik” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir doirasida Germaniyaning ta’lim va sanoat tashkilotlari bilan qator hamkorlik hujjatlari imzolandi.
Erishilgan kelishuvlar dual ta’lim dasturlarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish hamda xalqaro mehnat bozori talablariga mos, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.