O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida savdo va ishlab chiqarish bo‘yicha yangi imkoniyatlar muhokama qilindi
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida savdo va ishlab chiqarish bo‘yicha yangi imkoniyatlar muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Savdo-sanoat palatasida Afg‘oniston delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Afg‘onistonni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturi doirasida tashkil etildi.
Uchrashuvda delegatsiya vakillari va Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi A.Shayxov bilan muzokara o‘tkazildi va ikki tomonlama mavjud hamkorlik aloqalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish hamda mustahkamlash lozimligi taʼkidlab o‘tildi.
Tadbirda, shuningdek, BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili Oliver Shtolpe hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning Afg‘oniston bo‘yicha vakolatxonasi rahbari Tosaka Sota ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, shuningdek, paxtani qayta ishlash, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hamda ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish ahamiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Muzokara yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi va bir qator kelishuvlarga erishildi, shuningdek bunday shakldagi uchrashuvlarni doimiy ravishda tashkil etishga kelishib olindi.