O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

O‘zbekiston Senati «Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi

Dilafro'z Niyazova · 23.01.2025 · 22:52 · 958 views
O‘zbekiston Senati «Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi
O‘zbekiston Senati «Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Mazkur Qonunning maqsadi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. 

Qonun normalari aholining oziqlik qimmatiga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini taʼminlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi.

Qonunda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan.

Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishning minimal normalariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini shakllantirish hamda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli miqdorda va uzluksiz taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, davlat oziq-ovqat mahsulotlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish, shuningdek ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining eksporti va importi o‘rtasidagi maqbul muvozanatni saqlash ham oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda.

Unga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlash, oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy taʼsir etuvchi omillarni o‘rganish asosida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish kabi bir qator vakolatlar berilmoqda.

Shuningdek, Qonunda oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan qanday choralar ko‘rilishi, oziq-ovqat balansini shakllantirish, isteʼmolchilarning va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda.

Mazkur Qonun mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni yagona hujjatga unifikatsiya qilish va tizimlashtirish, ushbu sohadagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.