O‘zbekiston Ravshan Muxitdinovni xalqaro qidiruvga berdi

O‘zbekiston Ravshan Muxitdinovni xalqaro qidiruvga berdi

O‘zbekiston Ravshan Muxitdinovni xalqaro qidiruvga berdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston hokimiyati 37 yoshli Ravshan Muxitdinovni xalqaro qidiruvga berdi. Uning nomi Interpol saytidagi «qizil bildirishnomalar» ro‘yxatiga kiritilgan.

Eʼlon qilingan maʼlumotlarga ko‘ra, unga Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Ular qatoriga boshqa shaxsning mol-mulkini qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash, uyushgan qurollangan guruhni tashkil etish yoki unga rahbarlik qilishda ishtirok etish, shuningdek bezorilik kiradi.

Ushbu moddalar bo‘yicha jami sanksiyalar 3 yildan 15 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.

Qayd etilishicha, Ravshan Muxitdinov Turkiyada yashaydi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. U, shuningdek, Istanbulda ro‘yxatdan o‘tgan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ixtisoslashgan Dünya Engelliler Vakfı (DEV) tashkilotida moliyaviy masalalar bo‘yicha vitse-prezident lavozimini egallaydi.

Interpol materiallarida aniqlashtirilishicha, «qizil bildirishnoma» hibsga olish orderi hisoblanmaydi, balki shaxsni qidirish va ehtimoliy ushlash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xalqaro so‘rov hisoblanadi. U kelgusida ekstraditsiya yoki boshqa huquqiy jarayonlar uchun qo‘llaniladi. Bunday bildirishnoma qidiruvni boshlagan davlatda chiqarilgan sud qarori yoki hibsga olish orderi asosida eʼlon qilinadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling