O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi merosini xalqaro e’tirof etish yo‘lida muhim qadam tashladi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi merosini xalqaro e’tirof etish yo‘lida muhim qadam tashladi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi merosini xalqaro e’tirof etish yo‘lida muhim qadam tashladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Zamin” Xalqaro jamoat fondi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda Jahon miqyosidagi muhim qishloq xo‘jaligi merosi tizimlari (GIAHS)ni joriy qilish” loyihasining yakuniy seminari gibrid formatda bo‘lib o‘tdi.

Mazkur loyiha O‘zbekistonda an’anaviy qishloq xo‘jaligi merosi tizimlarini aniqlash, ularning madaniy, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini baholash hamda ushbu tizimlarni xalqaro darajada e’tirof etish bo‘yicha milliy salohiyatni mustahkamlashga qaratildi.

Loyiha doirasida O‘zbekistonning FAO Jahon miqyosidagi muhim qishloq xo‘jaligi merosi tizimlari dasturiga taqdim etilishi ko‘zda tutilgan ilk taklifi — “Farg‘ona vodiysi gavhari: Farg‘ona mintaqasida pillachilik va boshqa an’anaviy qishloq xo‘jaligi amaliyotlari” ishlab chiqildi.

Taklifda Farg‘ona vodiysining pillachilik, ipakchilik, an’anaviy dehqonchilik, hunarmandchilik, agrobioxilma-xillik, gastronomiya va madaniy meros bilan chambarchas bog‘liq yaxlit qishloq xo‘jaligi tizimi sifatidagi ahamiyati yoritildi. Xususan, Marg‘ilonning pillachilik va an’anaviy ipak to‘qish amaliyotlari mahalliy bilimlar, oilaviy mehnat, hunarmandchilik an’analari va qishloq aholisi daromad manbalari bilan uzviy bog‘liq noyob meros sifatida ko‘rib chiqildi.

Yakuniy seminarda ushbu taklifning asosiy mazmuni, hududiy chegaralari, GIAHS mezonlariga muvofiqligi va keyingi bosqichlari muhokama qilindi. “Farg‘ona vodiysi gavhari” hududi ma’muriy chegaralar bilangina emas, balki ijtimoiy-gidrogeologik yondashuv asosida — Quva, Qo‘shtepa, Oltiariq, Toshloq, Farg‘ona va Yozyovon tumanlari hamda Marg‘ilon, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarini qamrab oluvchi yagona agroekologik makon sifatida ko‘rib chiqildi.

Tadbir davomida GIAHS maqomini olish hududning o‘ziga xosligini xalqaro darajada e’tirof etish bilan birga, uning tabiiy va madaniy merosini saqlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. GIAHS yondashuvi noyob qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, bioxilma-xillikni asrash, qishloq aholisi turmush darajasini mustahkamlash hamda barqaror hududiy rivojlanishga hissa qo‘shadi.

Seminarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi merosi tizimlarini milliy darajada qo‘llab-quvvatlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, Milliy ahamiyatga ega qishloq xo‘jaligi merosi tizimlari (NIAHS) konsepsiyasini joriy etish, shuningdek, kelgusida boshqa hududlarning an’anaviy qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini o‘rganish imkoniyatlari muhokama qilindi. Jumladan, Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida kishmish yetishtirish tizimini o‘rganishni boshlash masalasi keyingi yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.

FAOning GIAHS dasturi an’anaviy qishloq xo‘jaligi tizimlarini tan olish, qo‘llab-quvvatlash va ularni dinamik tarzda saqlashga qaratilgan. Ushbu yondashuv qishloq xo‘jaligi merosini faqat tarixiy qadriyat sifatida emas, balki oziq-ovqat xavfsizligi, biologik xilma-xillik, barqaror daromad manbalari, mahalliy o‘ziga xoslik va madaniy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlovchi tirik tizim sifatida rivojlantirishni nazarda tutadi.

 “Qishloq xo‘jaligi merosi tizimlari nafaqat tarixiy va madaniy qadriyat, balki bugungi barqaror rivojlanish uchun ham muhim resursdir. Farg‘ona vodiysining pillachilik va an’anaviy qishloq xo‘jaligi amaliyotlari mahalliy bilimlar, bioxilma-xillik, hunarmandchilik va qishloq aholisi turmush tarzi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan tirik merosdir. Ushbu tashabbus O‘zbekistonning noyob qishloq xo‘jaligi tizimlarini xalqaro darajada e’tirof etish va ularni kelajak avlodlar uchun saqlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi”, — dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov.

“Farg‘ona vodiysi qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va madaniy an’analar uyg‘unlashgan noyob hududlardan biridir. Marg‘ilon pillachilik va ipakchilik merosi, shuningdek, hududdagi boshqa an’anaviy dehqonchilik amaliyotlari xalqimizning ko‘p asrlik tajribasi va tabiat bilan uyg‘un yashash madaniyatini namoyon etadi. GIAHS doirasidagi ushbu ishlar milliy qishloq xo‘jaligi merosimizni tizimli o‘rganish, targ‘ib qilish va xalqaro miqyosda ilgari surishga xizmat qiladi”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri maslaxatchisi Nuriddin Kushnazarov.

Yakuniy seminar O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi merosi tizimlarini xalqaro darajada ilgari surish, milliy hamkorlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni mustahkamlash hamda an’anaviy bilim va amaliyotlarni saqlash bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling