O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi xalqaro parlament maydonida yoshlar siyosatiga oid tashabbuslarni ilgari surdi
O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi xalqaro parlament maydonida yoshlar siyosatiga oid tashabbuslarni ilgari surdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi “Kelajak avlodlar manfaatlari yo‘lida ishonchni mustahkamlash, barqaror tinchlikni ta’minlash va adolatni qaror toptirish” mavzusida o‘tkazilayotgan Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasida faol ishtirok etmoqda.
Assambleya doirasidagi umumiy debatlarda O‘zbekiston tomoni barqaror tinchlik va adolatni ta’minlash jarayonida yoshlarning o‘rni beqiyos ekanini alohida qayd qildi. Bugungi global o‘zgarishlar sharoitida yoshlar nafaqat ijtimoiy qatlam, balki jamiyat taraqqiyotini belgilaydigan asosiy kuch sifatida ko‘rilayotgani bildirildi.
Senat Raisi o‘z nutqida O‘zbekistonda yoshlar siyosati davlat siyosatining markaziy yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ma’lum qildi.
Davlatimiz rahbarining oqilona siyosati tufayli keyingi yillarda yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qarorlar qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyozlar, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Shu maqsadda joriy yilda “Barqaror kelajak sari” davlat dasturi amalga oshirilayotgani aytib o‘tildi. Mazkur dastur doirasida ta’lim, ilm-fan, IT va innovatsiyalar, yoshlar bandligi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek madaniyat, san’at, sport va ekologik tarbiyani rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar hayotga izchil joriy etilmoqda.
Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasi mazkur ustuvor yo‘nalishlarga to‘liq mos kelib, yoshlar manfaatlarini ta’minlash va ularni qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini nazarda tutadi. “Barqaror rivojlanish sari” davlat dasturi esa ushbu Strategiyaning amaliy ifodasi sifatida xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi o‘zaro bog‘liq dunyoda milliy sa’y-harakatlarni xalqaro hamkorlik bilan uyg‘unlashtirish zarurligi qayd etildi. Yoshlar nafaqat milliy, balki global resurs ekani, ular chegara bilmas fikrlashi va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun o‘zaro muloqot va tajriba almashuv platformalarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa yoshlar parlamentarizmi sohasida muloqot va tajriba almashinuvini kengaytirish tashabbusi bilan chiqdi.