O‘zbekiston Ozarbayjon to‘qimachilik bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda
O‘zbekiston Ozarbayjon to‘qimachilik bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi Elchixonasi hamkorligida joriy yilning 11–15 aprel kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida to‘qimachilik sohasida ishbilarmonlik missiyasi tashkil etildi.
Mazkur tashrifda O‘zbekistonning to‘qimachilik sohasida faoliyat yurituvchi 15 ta yetakchi korxonasi ishtirok etdi.
Ushbu ishbilarmonlik missiyasining asosiy maqsadi Ozarbayjon bozorida O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlariga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, eksport hajmini kengaytirish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlashdan iborat.
Missiya doirasida quyidagi yo‘nalishlarda samarali ishlar amalga oshirildi:
B2B uchrashuvlar – Ozarbayjon to‘qimachilik korxonalari uyushmasi hamda boshqa tegishli tashkilotlar ko‘magida yirik importyorlar, ulgurji xaridorlar va bayyerlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borildi;
Bozor tahlili – Ozarbayjondagi yirik savdo tarmoqlari faoliyati o‘rganilib, mahsulotlarning narx siyosati bo‘yicha qiyosiy tahlillar amalga oshirildi;
Sanoat obyektlariga tashriflar – mahalliy to‘qimachilik korxonalari va ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishildi.
Mazkur ishbilarmonlik missiyasi natijasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish hamda O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarini xalqaro bozorlarda keng targ‘ib etish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yildi.