O‘zbekiston IBA 2025 boks bo‘yicha jahon chempionatida ikki oltin, to‘rt kumush va uch bronza medalini qo‘lga kiritdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Dubayda bo‘lib o‘tgan IBA 2025 boks bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar turli vazn toifalarida jami to‘qqizta medalni qo‘lga kiritdilar.
Oltin medallarni 51 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida rossiyalik Bair Batlayevni 4:1 hisobida mag‘lub etib, jahonning ikki karra chempioniga aylangan Hasanboy Dosmatov hamda 67 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda rossiyalik Yevgeniy Koolni 5:0 hisobida yenggan Asadxo‘ja Muydinxo‘jayev qo‘lga kiritdilar.
Turnir yakunlariga ko‘ra, Hasanboy Dosmatov musobaqaning «Eng yaxshi bokschisi» deb eʼtirof etildi.
Kumush medallar 60 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda rossiyalik Vsevolod Shumkovga 3:4 hisobida mag‘lub bo‘lgan Abdumalik Xalokovga, 80 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda Jambulat Bijamovga 0:5 hisobida yutqazgan Javohir Umataliyevga, 92 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda Muslim Gajimagomedovga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan Turabek Habibullayevga hamda 92 kilogrammdan yuqori vazn toifasida David Surovga yutqazgan Arman Maxanovga nasib etdi.
Bronza medallar 57 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda tojikistonlik Xusravxon Rahimovga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan Hujanazar Nortojiyevga, 54 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda rossiyalik Vyacheslav Rogozinga 0:5 hisobida yutqazgan Asilbek Jalilovga hamda 75 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda qozog‘istonlik Sabirjan Akkalikov bilan yarim final jangi jarohat sababli bekor qilinganidan so‘ng bronza medali bilan taqdirlangan Fazliddin Erkinboyevga berildi.