O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekiston aeroportlari aviatsiya xavfsizligini ta’minlovchi zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi

UzDaily tahririyati · 29.06.2026 · 16:25 · 38 views
O‘zbekiston aeroportlari aviatsiya xavfsizligini ta’minlovchi zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi

 O‘zbekiston aeroportlari aviatsiya xavfsizligini ta’minlovchi zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —“Uzbekistan Airports” AJ rahbariyati amerikalik hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekiston aeroportlariga zamonaviy ko‘rik uskunalarini bepul taqdim etish loyihasini amalga oshirdi.

Bu jarayondan avval AQSHning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi hamda Transport xavfsizligi ma’muriyati (TSA) vakillari bilan bir qator ishchi uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazilgan edi. Eksport nazorati va chegara xavfsizligi dasturi (EXBS) doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida “Uzbekistan Airports” AJ Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumatidan 12 dona zamonaviy LEIDOS gaz analizatorini bepul qabul qilib oldi.

Endilikda, O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida qo‘llaniladigan LEIDOS gaz analizatorlari aviatsiya xavfsizligini ta’minlashga mo‘ljallangan texnik vositalarning eng so‘nggi avlodiga mansub bo‘lgan, yuklar, pochta jo‘natmalari va bagajni ko‘zdan kechirish chog‘ida portlovchi moddalar izlarini (bug‘larini) aniqlashga imkon beradigan uskuna bilan jihozlanadi.

"Uzbekistan Airports” kompaniyasi AQShning O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasiga, EXBS Dasturi rahbariyatiga va AQSh Transport xavfsizligi ma’muriyatiga (TSA) samarali hamkorlik uchun o‘z minnatdorligini bildiradi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish va aviatsiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishiga zamin yaratayotgan amerikalik hamkorlar bilan konstruktiv muloqotni yuqori qadrlaymiz”, – deya ta’kidladi “Uzbekistan Airports” AJ raisining aviatsiya xavfsizligi va rejim bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Yusupov.

Kompaniya sheriklik aloqalarini yanada rivojlantirish, ilg‘or tajriba almashishni davom ettirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish O‘zbekiston hamda AQSh o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.