O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

Shavkat Mirziyoyev Namanganda IT-park qurilishini boshladi

UzDaily · 23.06.2026 · 15:20 · 28 views
Shavkat Mirziyoyev Namanganda IT-park qurilishini boshladi

Shavkat Mirziyoyev Namanganda IT-park qurilishini boshladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlatobod tumanidagi Yangi Namangan shaharchasi hududida IT-park qurilishiga tamal toshi qoʻyish marosimida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari barcha hududlarda raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal rivojlantirish, yuqori daromadli ish oʻrinlari va zamonaviy quvvatlarni koʻpaytirish Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilanganini taʼkidladi.

Ayni maqsadga koʻra, alohida dastur va qarorlar qabul qilinib, zarur mablagʻlar va masʼullar aniq belgilangan holda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qayd etilganidek, birgina Namangan viloyatining oʻziga yil boshidan 2 milliard dollarlik xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun Xitoy, Turkiya, Hindiston va Rossiyalik hamkorlar bilan barpo etilgan 1 milliard 800 million dollarlik 20 ta yangi quvvat ishga tushirilmoqda.

Ular hisobidan farmatsevtika, yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari, oziq-ovqat va kimyo sanoatida 6,5 mingta ish oʻrni yaratiladi, 30 dan ziyod yangi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ushbu loyihalar orqali viloyat iqtisodiyotiga 3 trillion 600 milliard soʻmlik aylanma, 200 million dollarlik eksport va budjetga 400 milliard soʻmlik tushum qoʻshiladi.

Shu bilan birga, Namanganda sanoat, turizm, savdo komplekslari va uy-joy qurilishiga katta turtki beradigan yana 4 milliard dollarlik 28 ta loyihaga start berilmoqda.

Prezidentimiz Namangan viloyati aholisining 1 million 600 mingdan ortigʻini yoshlar tashkil etishi, bu juda katta ijtimoiy-iqtisodiy kapital ekanini taʼkidladi. Yoshlarga axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt kabi zamonaviy bilimlar berib, ularni yuqori daromadli kasblarga oʻrgatish boʻyicha katta startap loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Ekspertlar Oʻzbekistonning sunʼiy intellekt boʻyicha salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Ushbu salohiyatni imkoniyatga, imkoniyatni esa aniq loyiha, yangi ish oʻrni va yuqori qoʻshilgan qiymatga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.

Soʻnggi yillarda Nukus, Qarshi, Termiz, Urganch va Fargʻona shaharlarida zamonaviy IT-parklar ishga tushirildi. Oʻtgan yili oktabrda poytaxtimizda IT-park loyihasining ikkinchi bosqichi boshlangan edi.

Xitoylik hamkorlar bilan 117 million dollarlik yirik loyiha asosida respublikaning 6 ta hududi – Yangi Namangan, Samarqand, Chirchiq, Nurafshon, Urganch va Navoiy shaharlarida IT-parklar quriladi. Yangi Namangan shahrida barpo etiladigan majmua ushbu loyihaning ilk qaldirgʻochi boʻladi.

Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining 2024-yil 26-fevraldagi “Mamlakatimizda raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Loyihaga muvofiq, 1,7 gektar maydonda 17 qavatli zamonaviy bino barpo etiladi. Bino xorijiy hamkorlar tomonidan loyihalash va qurilishdan tortib, ichki jihozlashgacha boʻlgan barcha bosqichlarni qamrab olgan holda toʻliq tayyor holda foydalanishga topshiriladi.

Maydoni qariyb 18 ming kvadrat metr boʻlgan ushbu zamonaviy majmuada taʼlim va eksport markazlari, kovorking va ofis maydonlari, startap akseleratori hamda xorijiy kompaniyalar uchun maxsus xizmat koʻrsatish tizimi tashkil etiladi.

Bu yerda oʻnlab kompaniyalar va startap studiyalar yagona axborot texnologiyalari ekotizimi sifatida faoliyat yuritadi. Majmuada namanganlik 2 mingga yaqin yoshlar uchun yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratiladi.

Loyihaning ishga tushishi viloyatda AT xizmatlar yillik hajmini 500 milliard soʻmga, eksportni esa 30 million dollarga yetkazishga zamin yaratadi. 

Davlatimiz rahbari loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan IT-parki qurilishiga tamal toshi qoʻydi.

Shu yerning oʻzida viloyatdagi yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimi boʻlib oʻtdi.

UzDaily · 👁 28 views · 23.06.2026 · 15:20