Oʻzbekiston va Xitoy uran sanoati sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Xitoy uran sanoati sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Navoiyuran” davlat korxonasi vakillari hamda mamlakatimizga ilk bor tashrif buyurgan State Nuclear Uranium Resources Development Co., Ltd. kompaniyasi delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tomonlar uran sanoati va konlarni o‘zlashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish, yangi istiqbolli maydonlarda geologik izlanish va qidiruv ishlarini olib borish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, noan’anaviy turdagi uran konlari uchun texnologik reglamentlar ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish va ilg‘or amaliyotlarni joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, amaliy aloqalarni davom ettirish hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.
State Nuclear Uranium Resources Development Co., Ltd. Xitoyning yirik davlat energetika kompaniyalaridan biri bo‘lgan State Power Investment Corporation (SPIC) tarkibiga kiruvchi korxona ҳисобланади. Kompaniya atom energetikasi, yadro yoqilg‘isi sikli, uran resurslarini o‘zlashtirish hamda yirik energetika loyihalarini amalga oshirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.