O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

Janubiy Koreya va Oʻzbekiston Toshkentda Raqamli hukumat markazini ochdilar

UzDaily · 23.06.2026 · 15:15 · 22 views
Janubiy Koreya va Oʻzbekiston Toshkentda Raqamli hukumat markazini ochdilar

Janubiy Koreya va Oʻzbekiston Toshkentda Raqamli hukumat markazini ochdilar

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Yun Xo-yung boshchiligidagi delegatsiya IT Park Uzbekistan’ga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida mehmonlarga O‘zbekistonda raqamli transformatsiya, elektron hukumat tizimining rivojlanishi, IT Park ekotizimi, IT xizmatlar eksporti, startaplar ekotizimi, inson kapitali salohiyati hamda sun’iy intellekt sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Delegatsiyaga mamlakatda elektron davlat xizmatlarini joriy etish bosqichlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, raqamli hujjatlar tizimi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari infratuzilmasi hamda BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida O‘zbekistonning pozitsiyalari izchil yaxshilanib borayotgani haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, soliq imtiyozlari, IT Visa dasturi, eksport ko‘rsatkichlari, startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda mamlakatning xalqaro IT xab sifatidagi imkoniyatlari namoyish etildi.

Shundan so‘ng Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri Yun Xo-yung o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida raqamli texnologiyalar sohasida shakllangan mustahkam hamkorlik munosabatlari hamda ikki tomonlama aloqalarning izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Tomonlar Koreya Respublikasi axborot texnologiyalari sohasida jahonning yetakchi mamlakatlaridan biri ekani, mamlakatda katta bozor ulushiga ega yirik IT kompaniyalar faoliyat yuritishini qayd etdilar.

Uchrashuvda O‘zbekistonda davlat rahbarining doimiy e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi natijasida axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanayotgani, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida IT sohasiga qiziqish yildan yilga ortib borayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, Koreyaning yetakchi IT kompaniyalarini O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalari va filiallarini ochishga jalb qilish, ularning mamlakatimizdagi faoliyati ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Tomonlar O‘zbekiston Koreya kompaniyalari uchun uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqishda qulay mintaqaviy xab vazifasini bajarishi mumkinligini qayd etdilar. Bu borada mamlakatimizda xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yoshlar soni tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning startap ekotizimi xalqaro miqyosda yuqori baholanayotgani, mamlakatimiz dunyoda startap ekotizimi eng tez rivojlanayotgan davlat sifatida “Yil davlati” deb e’tirof etilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, raqamli hukumat sohasida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar yuqori baholandi hamda ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlar axborot texnologiyalari ta’limi sohasida Koreyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari (R&D), kiberxavfsizlik va texnologiyalar yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. Shu nuqtai nazardan, Nurafshon shahrida tashkil etilgan Cyber University faoliyati haqida ma’lumot berildi. Universitet negizida hududni yirik ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar markaziga aylantirish maqsad qilingani ta’kidlandi.

Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasida barpo etilayotgan yirik data-markazlar loyihasi, mazkur sohada investorlar uchun yaratilgan soliq va iqtisodiy imtiyozlar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, o‘yinlar industriyasini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, ikki tomon ishtirokida Raqamli hukumat hamkorlik markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu maqsadda hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik memorandumi ham imzolandi. Qayd etilganidek, mazkur markaz Koreyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish, o‘zaro bilim va tajriba almashish hamda raqamli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

 

UzDaily · 👁 22 views · 23.06.2026 · 15:15