Oʻzbekiston xorijiy ishchi kuchi ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi
Oʻzbekiston xorijiy ishchi kuchi ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi / Surat: Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Ya’ni, respublikamiz hududida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olmagan holda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, tasdiqnomada belgilanmagan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganlik uchun javobgarlikni belgilashga qaratilgan hamda ushbu turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini Davlat mehnat inspeksiyasi, ichki ishlar organlari va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga berilishi bo‘yicha normalar kiritilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi mehnat munosabatlari sohasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olishga, fuqarolarning mehnat huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.