O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Oʻzbekiston idoraviy formaga oʻxshash kiyimlarni taqiqlamoqchi

UzDaily tahririyati · 28.07.2026 · 19:20 · 28 views
Oʻzbekiston idoraviy formaga oʻxshash kiyimlarni taqiqlamoqchi

Oʻzbekiston idoraviy formaga oʻxshash kiyimlarni taqiqlamoqchi / Surat: Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat tuzilmalari xodimlarining formali kiyim-boshidan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlarining oldini olishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, davlat organlari, vazirlik va idoralar xodimlari uchun joriy etilgan formali kiyim-bosh muayyan davlat organi vakili ekanligini anglatadi, fuqarolarda ishonch uyg‘otadi hamda uni kiyib yurgan shaxsga qonun bilan belgilangan vakolat va mas’uliyat yuklanganini bildiradi. Shu bois bunday formali kiyim-bosh davlat xizmatining muhim timsollaridan biri hisoblanadi.

Afsuski, keyingi yillarda ayrim tashkilotlar, idoralar, hatto ayrim fuqarolar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan formali kiyim-boshga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash kiyim-boshlardan foydalanish yoki ayrim tashkilotlar tomonidan o‘z xodimlari uchun shunday kiyim-boshlarni joriy etish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa fuqarolarni chalg‘itishi, davlat organlari obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda ayrim shaxslarga o‘zini davlat organi xodimi sifatida ko‘rsatib, odamlar ishonchini suiiste’mol qilish imkoniyatini yaratishi mumkin. Natijada haqiqiy davlat xizmatchisini boshqa shaxsdan ajratish qiyinlashadi.

Shu munosabat bilan qonun loyihasi orqali O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga davlat organlarining tasdiqlangan harbiy yoki idoraviy formali kiyim-boshiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash hamda unga xos farqlovchi belgilar va (yoki) ramzlarga ega formali kiyim-boshni joriy etganlik yoki undan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Belgilanayotgan normalar, eng avvalo, fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga, davlat xizmati obro‘sini himoya qilishga hamda formali kiyim-boshlardan noqonuniy va g‘arazli maqsadlarda foydalanishning oldini olishga qaratilgan.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyati, huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’siri va taklif etilayotgan huquqiy mexanizmlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, ayrim normalarni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.