Oʻzbekiston va Xitoy Toshkentda jamoat transportini modernizatsiya qilish masalasini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Xitoy Toshkentda jamoat transportini modernizatsiya qilish masalasini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 19–21-may kunlari Xitoy Davlat Taraqqiyot Banki vakillari yurtimizga xizmat tashrifi bilan kelishdi. Tashrif doirasida bugun, 21-may kuni “Toshshahartransxizmat” AJning “2-Avtobus saroyi”da delegatsiya vakillari kutib olindi.
Uchrashuv davomida vakillarga jamiyat faoliyati, poytaxt jamoat transport tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, avtobus yo‘nalishlarining bugungi holati hamda istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Milliy banki, shuningdek, Xitoyning yirik avtobus ishlab chiqaruvchi “XIAMEN KING LONG” va “YUTONG BUS CO., LTD.” kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdilar.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Xitoy davlatidan xarid qilingan zamonaviy avtobuslarni ko‘zdan kechirib, ularning texnik imkoniyatlari, qulayliklari va ekspluatatsiya jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, jamoat transporti tizimini rivojlantirish hamda zamonaviy transport xizmatlarini kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.