Oʻzbekiston va Serbiya parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar
Oʻzbekiston va Serbiya parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Serbiya Respublikasi Xalq yig‘ilishi Inson huquqlari, milliy ozchiliklar huquqlari va gender tenglik qo‘mitasi hamda O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Aleksandr Markovich boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida tomonlar O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda mutlaqo yangi mazmun bilan boyib, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli strategik ahamiyat kasb etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Ta’kidlanganidek, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat kooperatsiyasi, ta’lim, madaniyat va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Xakimov mehmonlarga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, xususan, inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlash, yoshlar siyosati va ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, 2023 yilgi konstitutsiyaviy islohotlar natijasida parlament vakolatlari kengaygani va parlament nazorati mexanizmlari yanada kuchaytirilgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, A.Markovich samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini yuqori baholadi. Uning qayd etishicha, O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro muloqot va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishda muhim maydonlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Muzokaralar chog‘ida parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar parlamentlar huzuridagi do‘stlik guruhlari, qo‘mitalar va ekspert tuzilmalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, parlament nazorati va qonunchilik faoliyatini raqamlashtirish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Ayniqsa, inson huquqlari, gender tenglik, oila institutini qo‘llab-quvvatlash va yoshlar siyosati sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan ikki mamlakat parlamentlarining tegishli qo‘mitalari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar va ekspertlar muloqotini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar, shuningdek, ayol parlamentariylar hamda yosh deputatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish masalalarini ham muhokama qildilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Serbiya Respublikasi Xalq yig‘ilishi o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyati ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, o‘zaro tashriflar geografiyasini kengaytirish va parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.