Oʻzbekiston va Koreya parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va Koreya parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Madaniyat, turizm va sport qo‘mitasi raisi, “Koreya–O‘zbekiston” parlamentlararo hamkorlik guruhi rahbari Kim Gyo Xon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik guruhlari va qo‘mitalar faoliyatini yana-da kuchaytirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, mazkur jarayonda parlamentlararo muloqot muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Bu borada Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi vakillarining O‘zbekistonga tashriflari hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi uchrashuvi ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani alohida taʼkidlab o‘tildi.
Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi rahbarlarining bo‘lajak sammitiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu nufuzli muloqot platformasi mintaqa mamlakatlari bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surish hamda parlamentlararo hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishi taʼkidlandi.
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan koreys millati vakillarining O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida do‘stlik hamda madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi muhim o‘rni borligiga eʼtibor qaratildi. Shu munosabat bilan koreys diasporasining 90 yilligiga bag‘ishlangan muzey loyihasi doirasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirish, hududlararo muloqotni tizimli rivojlantirish, shuningdek, yoshlar va parlament ayol aʼzolari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.