Oʻzbekiston va KOICA davlat boshqaruvining raqamli transformatsiyasini boshlaydi
Oʻzbekiston va KOICA davlat boshqaruvining raqamli transformatsiyasini boshlaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi (DSBA) o‘rtasida “O‘zbekiston–2030” strategiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining intellektual va raqamli transformatsiyasi” nomli yangi strategik loyiha bo‘yicha Muhokamalar bayonnomasi (RoD) imzolandi.
2026–2030-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan va umumiy qiymati 14,82 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu loyiha DBSA ning institutsional va ta’lim salohiyatini zamonaviy raqamli texnologiyalar, sun’iy intellektga integratsiyalashgan davlat siyosati ta’limi hamda ilg‘or ta’lim infratuzilmasi orqali rivojlantirishga qaratilgan.
Loyiha “O‘zbekiston–2030” milliy rivojlanish strategiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida raqamli kompetensiyalar diagnostikasi tizimlari va individual ta’lim yo‘nalishlari orqali davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, tashabbus DSBAning Markaziy apparatida hamda Samarqand, Qarshi, Urganch, Guliston va Farg‘onadagi filiallarida sun’iy intellekt asosidagi davlat boshqaruvi ta’lim ekotizimini shakllantirish va zamonaviy raqamli ta’lim muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Loyiha quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi:
- Davlat xizmatchilari kompetensiyalarini diagnostika qilish tizimini yaratish;
- Professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirish;
- Sun’iy intellekt asosidagi davlat siyosati ta’limi master-rejasi va dasturlarini ishlab chiqish;
- Raqamli ta’lim tizimlari va infratuzilmasini yaratish.
Loyiha doirasida KOICA Kompetensiyalar diagnostikasi tizimi, Learning Management System (LMS) va elektron kutubxona platformasi kabi muhim raqamli tizimlarni ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, DSBA hududida AI markazi, Onlayn ta’lim markazi, Multimedia markazi va takomillashtirilgan IT infratuzilmasi tashkil etiladi.
Shuningdek, loyiha davomida 500 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar, davlat xizmatchilarini tayyorlovchi mutaxassislar hamda IT-xodimlar Koreyada va O‘zbekistonda tashkil etiladigan malaka oshirish dasturlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Mazkur hamkorlik Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida davlat boshqaruvi, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ta’lim sohalaridagi mustahkam hamkorlikning yana bir muhim namunasi hisoblanadi. Ushbu loyiha orqali KOICA va DSBA mamlakatning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlay oladigan zamonaviy bilim va raqamli ko‘nikmalarga ega davlat xizmatchilarini tayyorlash yo‘lida hamkorlik qiladi.