Oʻzbekiston va Britaniya Kengashi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Britaniya Kengashi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Britaniya Kengashi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov boshchiligidagi delegatsiya London shahrida boʻlayotgan Jahon taʼlim forumida (World Education Forum 2026) ishtirok etib, uning doirasida qator uchrashuvlar oʻtkazmoqda.

Xususan, S. Rajabov British Council bosh ijrochi direktori Scott McDonald bilan muzokara oʻtkazdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasida oliy taʼlim, ingliz tili taʼlimi, akademik mobillik hamda universitetlar xalqaro hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Oʻzbekistonda oliy taʼlim, fan, innovatsiya va professional taʼlim sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida fikr almashdilar. Uchrashuvda ingliz tilini oʻqitish sifati, xalqaro taʼlim dasturlari va mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani taʼkidlandi.

Muzokaralar chogʻida kelgusida hamkorlikni yanada amaliy va strategik bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar oliy va professional taʼlim muassasalari uchun ingliz tili oʻqituvchilarini tayyorlash, universitetlarda ingliz tilida taʼlim berish dasturlarini kengaytirish, universitet boshqaruvi hamda taʼlim sifati nazoratini takomillashtirish, talabalarning bandligi va zamonaviy koʻnikmalarini rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekiston va Britaniya universitetlari oʻrtasida qoʻshma dasturlar, akademik mobillik va ilmiy hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuvda British Councilning Oʻzbekistondagi faoliyati va mamlakatimiz bilan hamkorligi yuksak baholandi. Bugungi kunda tashkilot 100 dan ortiq davlatda taʼlim, ilm-fan va madaniy aloqalar sohasida faoliyat yuritib, Oʻzbekistonda ham ingliz tili taʼlimi, IELTS tizimi va xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirishga hissa qoʻshib kelmoqda.

Tomonlar muloqot yakunida Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasida taʼlim sohasidagi sheriklikni yanada mustahkamlash va amaliy loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling