Ipoteka subsidiyasi uchun arizalar qabuli 27 iyuldan boshlanadi
Ipoteka subsidiyasi uchun arizalar qabuli 27 iyuldan boshlanadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 27 iyul kuni soat 15:00 dan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun arizalar qabuli qayta boshlanadi. Moliyalashtirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturining maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida avval ajratilgan, ammo foydalanilmay qolgan bildirishnomalar limiti hisobidan amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlum qilishicha, subsidiya olish uchun ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholash yakunlariga ko‘ra kamida 30 ball to‘plashi, shuningdek, dasturda ishtirok etayotgan kamida bitta tijorat bankining kredit tarixi bo‘yicha talablariga javob berishi lozim.
Majburiy shartlardan biri sifatida ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida O‘zbekiston hududida turar joy ko‘chmas mulki mavjud bo‘lmasligi belgilangan. Bundan tashqari, oilaning o‘rtacha oylik daromadi dasturda belgilangan ijtimoiy mezonlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Arizani Davlat xizmatlari markazlari, myGov mobil ilovasi yoki my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish mumkin.
Arizalar qabuli 27 iyul kuni soat 15:00 da boshlanadi.