Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari investitsiya hamkorligini kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari investitsiya hamkorligini kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 8-iyun kuni ISSV vaziri Laziz Kudratov hamda AQSh Savdo vaziri yordamchisi Devid Fogel oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muzokaralar chogʻida tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligining bugungi holati hamda uni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. AQSh Oʻzbekistonning eng muhim hamkorlaridan biri boʻlib qolayotgani hamda 2025-yil yakunlariga koʻra oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi $1 mlrd oshgani alohida taʼkidlandi.
Uchrashuvda qoʻshma investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, energetika, togʻ-kon sanoati, transport, qishloq xoʻjaligi, moliya va raqamli texnologiyalar sohalarida oʻzaro sheriklikni rivojlantirish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratildi. Shuningdek, munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida innovatsiyalar, sunʼiy intellekt, telekommunikatsiya hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida fikr almashildi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda AQSh Tijorat xizmati oʻrtasida Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat hududiy biznes-delegatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish, hamkorlik koʻlamini kengaytirish va yangi investitsiyaviy loyihalarni ilgari surishga xizmat qiladi.
Muloqot yakunida tomonlar strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va yangi istiqbolli tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.