Oʻzbekiston Turkiyadan qidiruvda boʻlgan ikki fuqaroni ekstraditsiya qildi
Oʻzbekiston Turkiyadan qidiruvda boʻlgan ikki fuqaroni ekstraditsiya qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlarining qo‘shma tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlik va odam savdosida ayblanib xalqaro qidiruvga berilgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga ekstraditsiya qilindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan biri firibgarlik harakatlarini sodir etganidan keyin olti yil davomida mamlakat tashqarisida yashirinib yurgan.
Tergov aniqlashicha, u fuqarolarni xorijga ishga joylashtirish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan holda, ularni AQSH va Yevropa mamlakatlariga yuqori maoshli ishga yuborishni vaʼda qilgan.
Gumonlanuvchi jabrlanuvchilarning ishonchiga kirib, ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirgan va shaxsiy maqsadlarda ishlatgan.
Ekstraditsiya qilingan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi bo‘yicha firibgarlik jinoyati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, Turkiyada odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun, yaʼni Jinoyat kodeksining 135-moddasida nazarda tutilgan ayblov asosida qidiruvda bo‘lgan yana bir fuqaro qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda taʼkidlanishicha, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik tufayli xalqaro qidiruvga berilgan boshqa shaxslarning joylashuvini aniqlash, ularni ushlash va ekstraditsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda.
Idorada shuningdek, mamlakat tashqarisida yashirinishga urinish jinoiy javobgarlikdan ozod etmasligi, jinoyat sodir etgan barcha shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishi taʼkidlandi.