O‘zbekiston

Namangan viloyatida Polshada ish vaʼda qilgan erkak ushlandi

Namangan viloyatida Polshada ish vaʼda qilgan erkak ushlandi
Namangan viloyatida Polshada ish vaʼda qilgan erkak ushlandi / Foto: DXX videosidan olingan tasvir.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatida fuqarolarni Polshaga ishga joylashtirish bahonasida firibgarlik qilishda gumonlanayotgan firma rahbari qo‘lga olindi.

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, erkak to‘rt kishini 10,4 ming dollar evaziga mavsumiy ishga joylashtirishni vaʼda qilgan.

Tezkor tadbir DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Maxsus xizmat maʼlumotlariga ko‘ra, firma rahbari To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, uni va yana uch nafar tanishini Polshaga mavsumiy ishlarga yuborishni taklif qilgan. Ishga joylashtirishda yordam berish evaziga u 10,4 ming dollar talab qilgan.

Erkak kelishilgan mablag‘ning bir qismi — 4,4 ming dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda ushlangan shaxsga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

DXX xorijda fuqarolarni rasmiy ishga joylashtirish bilan faqat litsenziyaga ega agentliklar shug‘ullanishini eslatdi.

Shu bilan birga, boshqa mamlakatlarda ish topishga yordam berishni vaʼda qilib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirishga urinayotgan shaxslar bilan bog‘liq holatlar aniqlanishda davom etmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.