O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Namangan viloyatida Oqtepa konini o'zlashtirish jadallashtiriladi

UzDaily tahririyati · 06.07.2026 · 15:45 · 29 views
Namangan viloyatida Oqtepa konini o'zlashtirish jadallashtiriladi

Namangan viloyatida Oqtepa konini o'zlashtirish jadallashtiriladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Ozarbayjon davlati bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan, "Great Fortune International" MCHJ tomonidan Oqtepa kumush konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

O‘rganish davomida loyihaning bugungi kundagi bajarilish holati, qurilish-montaj ishlarining sur’ati, ishlab chiqarish infratuzilmasini barpo etish jarayonlari hamda kelgusi rejalar yuzasidan mas’ullarning axboroti tinglandi.

Mazkur investitsiya loyihasining umumiy qiymati 50 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha Pop tumanining Oqtepa uchastkasida amalga oshirilmoqda. Kon to‘liq ishga tushgach, yiliga 700 ming tonna ma’danni qayta ishlash (sutkasiga 2 ming tonna) quvvati yaratiladi.

Shuningdek, loyiha doirasida 1000 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi, har yili 50 million AQSH dollarilik eksport amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu esa hududning eksport salohiyatini oshirish, sanoat tarmog‘ini diversifikatsiya qilish va aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.

Viloyat rahbari qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat bilan yakunlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tezkor barpo etish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda investitsiya loyihasini amaliy bosqichga o‘z vaqtida olib chiqish muhim vazifa ekanini ta’kidladi.

Mazkur loyiha Namangan viloyatining sanoat salohiyatini yanada yuksaltirish, qimmatbaho metallar zaxiralaridan samarali foydalanish, eksport hajmini ko‘paytirish va hudud iqtisodiyotiga qo‘shimcha turtki berishga xizmat qiladigan strategik ahamiyatga ega investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi.