Namangan va Koshalin mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirmoqda

Namangan va Koshalin mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirmoqda

Namangan va Koshalin mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Koshalin shahar hokimi Tomash Soberay hamda uning o‘rinbosari Beata Goreska ishchi tashrif bilan Namanganga keldi.

Koshalin – Polshaning yirik shaharlaridan biri bo‘lib, Baltika dengizi yaqinida, Polsha shimoli-g‘arbida joylashgan. Tarixiy va zamonaviy, dengizga yaqin turistik xudud, sanoat va taʼlim markazi hisoblanadi. Yog‘och va mebel ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik rivojlangan.

Delegatsiyani Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov qabul qildi.

Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqotda ikki hudud imkoniyatlari haqida maʼlumotlar almashildi.

Mehmonlar Namanganda anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan xalqaro “Gullar festivali” haqidagi videorolikdan taʼsirlandilar. 65-yubiley festivalga Polshadan ham sayyohlar kelishi taʼkidlandi.

Shuningdek, Namanganda sanoat va turizm rivojlanib borayotgani, ayniqsa, hunarmandchilik markazi sifatida tarixiy ahamiyatga ega Chust shahri Koshalin delegatsiyasida katta qiziqish uyg‘otdi.

- Biz Namangan viloyatiga tashrifimizdan juda mamnunmiz va bu biz uchun katta faxrdir. Biz ayrim korxonalar bilan tanishdik va kelgusida hududlarimiz Namangan va Chust bilan hamkorlik qiladi. Biz kichik va o‘rta biznes vakillarimiz bilan Namanganga hamda sohil hududlariga biznes missiya tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz. Metallurgiya, shisha ishlab chiqarish va don mahsulotlari, tibbiyot yo‘nalishlarida hamkorlik qilish istagimiz bor. Bu sohalar bizda - Koshalinda rivojlangan va biz sizlarning biznesingiz bilan hamkorlik qilishni istaymiz, - dedi Tomash Soberay.

Polshaning Koshalin shahri delegatsiyasi ayni vaqtda Chust tumanida bo‘lib, mavjud imkoniyatlar bilan tanishmoqda. O‘rganishlar yakuniga ko‘ra ikki hudud o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatib, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsad qilingan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling