Mirziyoyev Xitoydagi portlash yuzasidan taʼziya bildirdi
Mirziyoyev Xitoydagi portlash yuzasidan taʼziya bildirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Xitoyning Xunan viloyatidagi sanoat korxonasida yuz bergan portlashning fojiali oqibatlari munosabati bilan taʼziya yo‘lladi. Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila aʼzolariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarga tezroq sog‘ayish tiladi.
Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, portlash dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:40 atrofida Lyuyan shahridagi “Xuashen” pirotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish zavodida sodir bo‘lgan.
Hokimiyat maʼlumotlariga ko‘ra, qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun taxminan 1,5 ming nafar kishi jalb qilingan. Amaliyot davomida vayronalar ostida qolganlarni izlash uchun robotlardan foydalanilgan va dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, yetti nafar insonni qutqarishga muvaffaq bo‘lingan.
Qayd etilishicha, korxona hududida porox saqlanadigan ikkita ombor bo‘lgani qutqaruv ishlarini yuqori xavf darajasi sababli murakkablashtirgan. Shuningdek, hokimiyat organlari hodisa joyidan uch kilometr radiusda aholini evakuatsiya qilishni tashkil etgan.
CCTV telekanali aniqlashtirgan maʼlumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida 26 nafar kishi halok bo‘lgan, yana 61 nafar jabrlangan. Qutqaruv ishlari va hodisa sabablarini o‘rganish davom etmoqda.