Messi JCH tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi
Messi JCH tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Argentina terma jamoasi sardori va hujumchisi Lionel Messi jahon futboli tarixidan o‘ziga munosib o‘rin egallab, jahon chempionatlari tarixidagi mutlaq to‘purarlik rekordini o‘rnatdi.
JCH-2026 guruh bosqichining ikkinchi turida Avstriya milliy jamoasiga qarshi kechgan bahsda 38 yoshli forvard uchrashuvning 38-daqiqasida hisobni ochdi. Ushbu gol argentinalik futbolchi uchun jahon chempionatlaridagi 17-gol bo‘lib, unga 2014 yildan buyon mazkur reytingda peshqadam bo‘lib kelgan afsonaviy germaniyalik hujumchi Miroslav Klozeni (16 gol) ortda qoldirish imkonini berdi.
Eʼtiborlisi, Messi shu o‘yinning 9-daqiqasida penaltidan foydalana olmadi va shu tariqa jahon chempionatlari tarixida amalga oshirilmagan penaltilar soni bo‘yicha antirekordni yangiladi.
Umumiy gollar soni bo‘yicha tarixiy yutuqdan tashqari, Avstriyaga qarshi bahsdagi aniq zarba Messiga jahon chempionatlaridagi golli seriyasini oltita o‘yingacha uzaytirish imkonini berdi. Bu musobaqa rekordining takrorlanishi hisoblanadi. Argentinalik hujumchining mazkur seriyasi Qatarda bo‘lib o‘tgan va Argentina g‘alabasi bilan yakunlangan JCH-2022ning 1/8 final bosqichidan boshlangan.
Bunga qadar jahon chempionatlarida ketma-ket oltita o‘yinda gol urishga faqat ikki nafar futbolchi muvaffaq bo‘lgan edi: 1958 yilda fransuz Jyust Fonten va 1970 yilda braziliyalik Jairzinyo. Biroq ularning har ikkisi ham bu natijani bir musobaqa doirasida qayd etgan.
AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan JCH-2026da Lionel Messi ayni paytda to‘purarlar poygasida yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Uning hisobida to‘rtta gol mavjud. Guruh bosqichining birinchi turida Argentina yetakchisi Jazoir darvozasiga xet-trik rasmiylashtirib, jamoasining 3:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan edi.
Eslatib o‘tamiz, sakkiz karra «Oltin to‘p» sohibi Messi 2023 yildan buyon MLS ligasida «Inter Mayami» klubi safida to‘p surmoqda. U bundan avval Fransiyaning «Pari Sen-Jermen» va Ispaniyaning “Barselona” klublari sharafini himoya qilgan hamda kataloniyaliklar bilan to‘rt marta UYEFA Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan.
Argentina milliy jamoasi safida Messi jahon chempioni (2022), Olimpiya chempioni (2008) bo‘lgan, shuningdek, ikki marta Amerika kubogini (2021, 2024) qo‘lga kiritgan. Ilk bor 48 ta jamoa ishtirokida o‘tayotgan joriy jahon chempionati 19 iyul kuni yakunlanadi.