MDH Bosh vazirlari Oʻzbekistonning energetika loyihalarini koʻrib chiqdilar
MDH Bosh vazirlari Oʻzbekistonning energetika loyihalarini koʻrib chiqdilar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida energetika sohasiga bag‘ishlangan pavilonga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qosimaliyev, Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, shuningdek Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov va Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin tashrif buyurib, pavilon faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Energetika sohasi uchun tashkil etilgan maxsus ekspozitsiya maydonida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari, gidroenergetika hamda issiqlik elektr stansiyalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari namoyish etilmoqda.
Shuningdek, energetika tarmog‘i uchun uskuna va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha tashabbuslar taqdim etilmoqda.
Ekspozitsiyada magistral va taqsimlash elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, energiya samaradorligini oshirish hamda iste’molchilarni barqaror va ishonchli energiya ta’minoti bilan ta’minlashga qaratilgan dasturlar haqida ham ma’lumot berilmoqda.
TXIF-2026 doirasidagi mazkur ishtirok xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiyalarni jalb etish, energetika xavfsizligini mustahkamlash va mamlakatimizning “yashil iqtisodiyot” maqsadlariga erishish yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlarni namoyon etmoqda.