Marokash Niderlandiyani yengib, JCH 1/8 finaliga chiqdi
Marokash Niderlandiyani yengib, JCH 1/8 finaliga chiqdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Marokash terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionati 1/16 finalida Niderlandiya ustidan g‘alaba qozonib, musobaqaning keyingi bosqichiga chiqishni taʼminladi. Meksikaning Monterrey shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv afrikaliklar foydasiga o‘yindan keyingi penaltilar seriyasi yakunlariga ko‘ra hal bo‘ldi.
Uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha vaqti g‘olibni aniqlab bermadi va 1:1 hisobida yakunlandi. Hisobni 72-daqiqada Kodi Gakponing aniq zarbasi orqali yevropalik futbolchilar ochdi. Marokash terma jamoasi esa ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtning birinchi daqiqasida mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. 90+1-daqiqada Issa Diop javob golini kiritdi. Shundan keyingi penaltilar seriyasida Marokash futbolchilari aniqroq va bosiqroq harakat qilib, 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Niderlandiya terma jamoasi safida gol urgan Kodi Gakpo to‘p kiritganidan keyin g‘alabani nishonlamadi va ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Futbolchining bu hissiy holati oilaviy fojia bilan bog‘liq. Uning sevgilisi bir kun avval homiladorlik davrida farzandini yo‘qotgani haqida jamoatchilikka maʼlum qilgan edi.
Jahon chempionatining guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra, Marokash S guruhida ikkinchi o‘rinni egallab pley-offga chiqqan bo‘lsa, Niderlandiya F guruhida birinchi o‘rin bilan hal qiluvchi bosqichga yo‘l olgan edi. 1/8 final doirasida Marokash terma jamoasi Kanada bilan kuch sinashadi. Mazkur uchrashuv 4 iyul kuni AQSHning Texas shtatidagi Xyuston shahrida bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilgi xalqaro futbol turniriga AQSH, Kanada va Meksika birgalikda mezbonlik qilmoqda. Musobaqaning final uchrashuvi 19 iyul kuni o‘tkaziladi. Ayni paytda jahon kubogining amaldagi sohibi Argentina terma jamoasi hisoblanadi.